Avto

Lynk & Co 10 EM-P modeli sotuvga chiqdi

Mashina to‘rtta komplektatsiyada taklif qilinmoqda
Lynk & Co 10 EM-P
Lynk & Co 10 EM-P modeli sotuvga chiqdi / Foto: Lynk & Co

Xitoy bozorida Geely subbrendi tomonidan Lynk & Co 10 EM-P avtomobili savdoga chiqarildi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, mashina to‘rtta komplektatsiyada taklif qilinmoqda, jumladan, 120 4WD Halo va 240 4WD Ultra Sport Edition. Boshlang‘ich narx chegirmadan so‘ng 163,8 ming yuan ($22 ming), eng qimmat versiya esa 201,8 ming yuan ($28 ming) etib belgilangan.

Lynk & Co 10 EM-P / Foto: Lynk & Co

Sedan 1,5 litrli dvigatel asosida yaratilgan yangi avlod gibrid tizimiga ega. Elektr motorlari umumiy quvvati 530 ot kuchini tashkil qiladi. Oldingi osma ikki richagli, orqa esa besh richagli bo‘lib, gidravlik tizim orqali qattiqlik va balandlikni boshqarish mumkin.

Top versiyada 38,2 kVt/soatli akkumulyator o‘rnatilgan, u elektr rejimida 240 km yo‘l bosishga imkon beradi. Standart komplektatsiyaga lidar, haydovchiga yordamchi tizim Qianli Haohan H7, NVIDIA Thor chipi va Lynk Flyme Auto 2 multimedia tizimi kiradi.

Lynk & Co 10 EM-P avtomobili qanday xususiyatlarga ega / Foto: Lynk & Co

Xitoyda bu model juda tez ommalashgan. Sotuvlar boshlanishidan 24 soat ichida 12 886 ta oldindan buyurtma berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 27 ming dollarlik Geely Galaxy M9 taqdim etilgani haqida yozgan edi.