
O‘zbekistonda kelasi o‘quv yilidan boshlab yuqori sinflar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus darslar kiritiladi. Bu haqda prezident yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yangi fanlarni samarali o‘qitish uchun 2 mingta sinf xonasi kompyuterlar bilan jihozlanadi, 6,3 mingta interfaol doska o‘rnatiladi. Ushbu maqsadlar uchun zarur mablag‘lar keyingi yilgi davlat budjetida ko‘zda tutiladi.
Iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hududlarda ixtisoslashgan maktablar tarmog‘i kengayadi. Jumladan, axborot texnologiyalari bo‘yicha Al-Xorazmiy, muhandislikda Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlarda esa Ibn Sino nomidagi maktablar filiallari tashkil etiladi. Ular mahalliy texnika oliygohlari bilan bog‘lanib, muvaffaqiyatli bitiruvchilarni to‘g‘ridan to‘g‘ri ikkinchi kursga qabul qilish imkonini beradi.
2026-yilda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan eng nufuzli xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari ilk bor Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Vazirlar Mahkamasiga mazkur musobaqalarni yuqori saviyada tashkil qilish topshirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan pedagogika oliygohlarida 1+5 ta’lim shakli yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.