Yangiliklar

Markaziy bank maxsus stipendiyasi uchun tanlov e’lon qildi

Stipendiya miqdori 1,23 mln so‘m
Foto: depositphotos.com

O‘zbekiston Markaziy banki iqtidorli va tashabbuskor talabalarga mo‘ljallangan maxsus stipendiya dasturini e’lon qildi. Dastur bank ishi, moliya, iqtisodiyot va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qiladi.

Kimlar qatnashishi mumkin

Stipendiya tanlovida respublikaning oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’limda bakalavriat va magistratura bosqichining so‘nggi kursida o‘qiyotgan talabalar ishtirok etadi. Ular orasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, INHA, Vestminster, Singapur menejment instituti, MGIMO Toshkent filiali, Moskva davlat universiteti Toshkent filiali hamda viloyatlardagi iqtisodiyot va IT yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim muassasalari mavjud.

Stipendiya miqdori

Tanlov g‘oliblari kamida bazaviy hisoblash miqdorining uch baravariga (1,23 mln so‘m) teng stipendiya oladi. Shuningdek, stipendiatlarga Markaziy bank bo‘linmalarida haftasiga 15 soatgacha amaliyot o‘tash imkoniyati yaratiladi.

Asosiy talablar:

  • yuqori reyting ko‘rsatkichi;
  • davlat tilini mukammal bilish;
  • rus va ingliz tillarini kamida «B2» darajasida bilish.

Ustunlik beriladigan mezonlar:

  • ACCA va boshqa xalqaro moliyaviy sertifikatlar;
  • Big Data bo‘yicha ko‘nikmalar;
  • IELTS 7.0 yoki undan yuqori ball;
  • iqtisodiyot, moliya yoki IT bo‘yicha olimpiadalarda yutuqlar.

Tanlov tartibi

Test sinovlari masofadan turib 15-sentabr kuni soat 10:00 da o‘tkaziladi.

  • Iqtisodiyot, moliya, bank ishi, amaliy matematika bo‘yicha – makroiqtisodiyot va mantiqiy fikrlash savollari;
  • IT yo‘nalishida – sohaga oid va mantiqiy savollar.

Havola: @cbu_stipendiya_bot

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «El-yurt umidi» stipendiyasi g‘oliblari e’lon qilingani haqida yozgandi.