Yangiliklar

Nogironligi bo‘lgan bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlarni soliqlardan ozod qilish taklif qilinmoqda

2030-yil 1-yanvarga qadar
Nogironligi bo‘lgan bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlarni soliqlardan ozod qilish taklif qilinmoqda. Foto: Getty Images

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.

Loyihaga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari 2030-yil 1-yanvarga qadar barcha turdagi soliqlardan (ijtimoiy soliqdan tashqari) ozod qilinadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi (09.09.2025)

Shuningdek, ularning xizmatlaridan foydalanadigan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning nogironligi bo‘lgan farzandlari uchun oyiga uch million so‘mgacha to‘lanadigan mablag‘lari soliq solinmaydigan daromad sifatida belgilanadi.

Deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.

Avvalroq O‘zbekiston hukumatining qarori bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi tadbirkorlar va bandlik agentliklariga subsidiya ajratish tartibi belgilangandi

Unga ko‘ra, ikki turdagi subsidiya joriy etiladi: bandlikka ko‘maklashish subsidiyasi hamda ish o‘rinlariga moslashtirish subsidiyasi. Bu imtiyozlar I va II guruh nogironlarni rasmiy band qilgan va kamida 3 oy davomida ularga har oy eng kam ish haqining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda maosh to‘lagan tadbirkorlarga ajratiladi.