Oliy ta’lim vazirining barcha o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari — birinchi o‘rinbosar Shoxruh Daliyev hamda o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Shuningdek, prezident farmoni va qaroriga ko‘ra, prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adxam Xudaykulov boshqa ishga o‘tishi sababli hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev ham lavozimidan ozod qilindi.
«Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zgarishlar bo‘lyapti, natijalar bor. Lekin kasb-hunar va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar haligacha ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetgani yo‘q», – dedi davlat rahbari.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 12 yillik ta’lim tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edi.