O‘zbekiston tarixi va o‘zbek tili darsliklarining nashr etilmagani pul bilan bog‘liq masala emas — Alisher Qodirov

eʼlon qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yig‘ilishda Alisher Qodirov darsliklar masalasiga e’tibor qaratdi
darsliklar
O‘zbekiston tarixi va O‘zbek tili darsliklarining nashr etilmagani pul bilan bog‘liq masala emas. Foto: ochiq manbalardan

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Davlat budjeti ijrosi muhokama qilingan yig‘ilishda deputat Alisher Qodirov darsliklar masalasiga e’tibor qaratdi.

Qodirov maktablarda o‘quv yili boshlangan bo‘lsa-da, o‘zbek tili va O‘zbekiston tarixi kabi asosiy darsliklar hali chop etilmaganini tanqid qildi. Uning aytishicha, darsliklarning nashr qilinmagani moliyaviy yetishmovchilik bilan bog‘liq emas, chunki mablag‘ ajratilgan. Muammo ularni samarali ishlatishda.

«O‘quv yili boshlandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi kitob uchun qancha mablag‘ ajratilib turgan paytda hali olti yo‘nalishdagi darsliklarni nashr qilishmagan. Eng og‘ir masala bu O‘zbekiston tarixi va o‘zbek tili kabi darsliklarning nashr qilinmaganligi. O‘quv yili boshlandi. Bolalarimiz davlatchiligimizning poydevori bo‘lgan qadriyatlarimizni o‘qimasa, nimani o‘qiydi? Bu kitoblarning nashr etilmaganligi pul bilan bog‘liq masala emas. Pul masalasida masala yechilgan, lekin buni samarali ishlatish deganda biz aynan shu masala bo‘yicha kecha vazirlikni tanqid qildik», deydi Qodirov.

Shuningdek, u bog‘chalar uchun didaktik materiallar yetarli emasligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar tafakkurini rivojlantiruvchi kitoblar atigi ming nusxada nashr qilinmoqda, holbuki mamlakatda davlat bog‘chalarining o‘zi sakkiz mingga yaqin.

Qodirov bu holatni achinarli deb baholadi va mablag‘larning to‘g‘ri yo‘naltirilishi zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Davlat budjeti 2025-yilning birinchi yarmida 144 trln so‘mni tashkil etdi. Bunda ijtimoiy sohalarga ajratilgan mablag‘lar hajmi ham ortib, birinchi yarim yillikda 86,2 trln so‘m yo‘naltirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,1 trln so‘mga ko‘p bo‘lib, jami xarajatlarning qariyb yarmiga teng. Ijtimoiy xarajatlarning 49 foizi ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan.

Shuningdek