O‘zbekiston va Finlyandiya rahbarlari telefon orqali muloqot qildi

Shavkat Mirziyoyev Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqotda 2024-yilda tovar ayirboshlash 24 foizga oshgani qayd etildi, shuningdek, Finlyandiyaning «Nordik» universiteti va maktab ta’limini rivojlantirish loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshayotgani ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligi, energetika, konchilik, telekommunikatsiya va boshqa innovatsion sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim tizimiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, aniq loyihalarni tayyorlash maqsadida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumini o‘tkazish taklifi bildirildi. Suhbat davomida xalqaro dolzarb masalalar, jumladan, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish muhimligi ham qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev va AQSh prezidenti Donald Tramp telefon orqali muloqot qilgan edi.