Yangiliklar

O‘zbekistonda 12 yillik ta’lim tizimi joriy etiladi

Maktabga tayyorlov kurslari joriy etiladi
maktab
O‘zbekistonda 12 yillik ta’lim tizimi joriy etiladi / Foto: Islom Karimov nomidagi fond

O‘zbekistonda 12 yillik ta’lim tizimi joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishgan. Maktabgacha tayyorlov kurslarining keng joriy etilishi 12 yillik ta’lim tizimining yaratilishiga sabab bo‘ladi.

Ushbu tizim ta’lim sifatining oshishi va o‘zbekistonlik yoshlarning xorijiy OTM uchun boshlang‘ich o‘qishi uchun ehtiyoj qoldirmasligi qayd etilgan.

Shuningdek, taqdimotda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, tarbiyachilar malakasini oshirish va oliy ma’lumotli tarbiyachilar ulushini ko‘paytirish masalalariga ham e’tibor qaratilgan. Bu borada Milliy pedagogika universiteti hamda hududlardagi pedagogika universitetlarida tarbiyachilar uchun maqsadli qabul joriy qilinib, 5+1 formatida ta’lim berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Profi University asoschisi Bektosh Hatamov 12-yillik ta’lim tizimi haqida o‘z fikrini bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, hozir taklif qilinayotgan usul uch bosqichdan iborat: 1-yillik tayyorlov va 4-yillik boshlang‘ich ta’lim, 5-yillik umumiy o‘rta ta’lim hamda 2-yillik to‘liq o‘rta ta’lim. Bu jarayonda bolalar 6 yoshdan maktabga borishi ko‘zda tutilmoqda.

Hatamovning fikricha, ayni paytda sinflar yetishmasligi muammosi bor paytda yana bir yil qo‘shish orqali tizimni o‘zgartirish katta savollarni uyg‘otadi. Unga ko‘ra, 12-yillik ta’lim faqat «bir yil qo‘shish» bilan cheklanmaydi. Bu butun metodika, dastur, o‘qitish uslubi va infratuzilmani zamonaviylashtirishni talab qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Davlat budjeti ijrosi muhokama qilingan yig‘ilishda deputat Alisher Qodirov darsliklar masalasiga e’tibor qaratgani haqida yozgan edi.