O‘zbekistonda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etiladi

Endilikda yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish masalasida yangi agentlik tashkil etiladi. Bu haqda ta’lim tizimi sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tildi.
Unga ko‘ra, mamlakatda mavjud 598 ta texnikum 450 ming o‘quvchini qabul qila oladigan salohiyatga ega bo‘lsa-da, bu yil 9-sinfni bitirgan 608 ming o‘quvchidan atigi 182 ming nafari texnikumlarga o‘qishga kirgan.
«Bugundan boshlab bir yil yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mamlakatdagi barcha texnikumlarda xalqaro standartlar asosida zamonaviy ta’lim muhiti yaratish, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish va texnikumlarga qamrovni oshirish vazifasi mutasaddilarga yuklatildi.
Kelgusi o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50 foizi — qo‘shimcha 200 ming o‘quvchini texnikumlarda o‘qishga jalb qilish rejalashtirilmoqda. Ushbu jarayonni yagona siyosat asosida tashkil qilish uchun maxsus Kasbiy ta’lim agentligi tuziladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan pedagogika oliygohlarida 1+5 ta’lim shakli yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.