Yangiliklar

Pedagogika oliygohlarida 1+5 ta’lim shakli yo‘lga qo‘yiladi

Tarbiyachilar malakasini oshirish uchun «Yangi avlod» bog‘chalari tashkil etiladi
Foto: depositphotos.com

Maktabgacha ta’lim tizimida qamrovni kengaytirish uchun oliygohlarda 1+5 ta’lim shakli amalga oshiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

«Qamrovni oshirish uchun barcha sharoit qilib beryapmiz, lekin bog‘chalarga yangi nafas, yangi metodika kirib borishi, tarbiyachilarning salohiyati ham shunga yarasha bo‘lishi kerak», – dedi Mirziyoyev.

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan pedagogika oliygohlarida 1+5 ta’lim shakli (1 kun o‘qish, 5 kun ish) yo‘lga qo‘yiladi. Bu tizim orqali bog‘chalarga har yili qariyb 10 ming oliy ma’lumotli mutaxassis kirib kelishi rejalashtirilmoqda.

Davlat va xususiy bog‘chalarda ta’lim-tarbiya sifati bo‘yicha yagona yondashuv yo‘qligi ham muammo sifatida ko‘rsatildi. Shu sababli kelgusi yildan boshlab har bir viloyatda tarbiyachilar malakasini oshirish uchun metodik ko‘mak beradigan «Yangi avlod» bog‘chalari tashkil etiladi.

Prezident mutasaddilarga mazkur loyihani eskicha yondashuvlardan voz kechib, yangicha qarash asosida ishlab chiqishni topshirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan joriy yilda bog‘cha o‘rinlari soni 182 mingtaga ko‘paytirilishi haqida yozgandi.