Qachon Eron rozi bo‘lgan — Kapadze CAFA finalidagi hakamlik haqida

9-sentabr 2025 18:11 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir a.muhammadov@kursiv.media
Foto: AFC

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze CAFA – 2025 finalidan keyin jurnalistlar savollariga javob berdi.

Eronliklarning hakamlikdan noroziligiga munosabat bildirarkan, u qisqa qilib:

«Eron qachon rozi bo‘lgan o‘zi? Bu ularga xos narsa. Oson o‘yin bo‘lmadi. Imkoniyatlar bo‘ldi, lekin gol darvozaga kirmadi. Kurashga boy o‘yin bo‘ldi. Xudoga shukur yutdik», deydi Kapadze.

U Eldor Shomurodov penaltidan foydalana olmagani haqida ham gapirdi. Murabbiy Shomurodovni tajribali futbolchi sifatida yuqori baholab, zarur paytlarda jamoani oldinga olib chiqa olishini ta’kidladi.

Shuningdek, ikkinchi bo‘lim boshida jamoa sust o‘ynaganini, ammo qo‘shimcha daqiqalarda ishonchli harakat qilinganini aytdi. Murabbiy turnir davomida o‘yinchilarga imkoniyat berganini, rotatsiyalar orqali futbolchilarning potensialini sinab ko‘rganini ham qo‘shimcha qildi. U jarohat olgan darvozabon O‘tkir Yusupov tez orada safga qaytishiga umid bildirdi.

Foto: UFA

Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Amir Galenoyi esa matbuot anjumanida qatnashmadi. O‘zbekiston yarimhimoyachisi Otabek Shukurov «Sport» telekanaliga bergan intervyusida:

«Kayfiyat yaxshi, lekin g‘alaba 100 foiz tatimadi. Hakamlar bizga yordam berdi. Bu o‘rtoqlik o‘yini, asosiy vazifa – jahon chempionati oldidan tayyorgarlik ko‘rish», — deya ta’kidladi.

Toshkentdagi «Olimpiya» stadionida o‘tgan finalni qirg‘iz hakami Nurzat Abduqodirov boshqardi. Mehmonlar 5-daqiqadanoq bir futbolchisi kam bo‘lib o‘ynadi. Yagona gol 120-daqiqada Xojakbar Alijonov tomonidan urildi.

Shu tariqa O‘zbekiston CAFA Nations Cup-2025 chempioni bo‘ldi. Mukofotlash marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev va FIFA prezidenti Janni Infantino ishtirok etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston CAFA Nations Cup 2025 chempioni bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek