Yangiliklar

Qatar Hamasni AQShning sulh tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

Hamas taklifni ko‘rib chiqayotganini bildirdi
Qatar Hamastan AQSh sulh tashabbusini qabul qilishini so‘radi / Foto: YouTube

Qatar bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon Al-Tani Dohada Hamas bosh muzokarachisi Xalil al-Hayya bilan uchrashib, AQShning yangi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifini muhokama qildi.

AQSh taklifiga ko‘ra, sulhning birinchi kunida 48 nafar garovdagini ozod qilish rejalashtirilgan. Evaziga Isroil minglab falastinlik mahbuslarni qo‘yib yuborishi lozim. Shundan so‘ng tomonlar urushni butunlay tugatish bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi. Muzokaralar davom etar ekan, jangovar harakatlar qayta boshlanmaydi. AQSh prezidenti Donald Tramp sulhni kafolatlash majburiyatini olishi ko‘zda tutilmoqda.

Hamas taklifni ko‘rib chiqayotganini bildirgan bo‘lsa-da, uning ayrim rahbarlari tashabbusni tanqid qildi. Basim Naimning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus urushni tugatish emas, balki Hamasni rad etishga majburlash bo‘lishi mumkin.

Isroilda esa garovdagilar oilalari AQSh sa’y-harakatlarini haqiqiy yutuq sifatida e’tirof etib, hukumatni tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Yaqin kunlar muzokaralar taqdiri uchun hal qiluvchi davr sifatida qaralmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Hamas guruhidan G‘azoda saqlanayotgan 20 nafar garovni darhol ozod etishni talab qilgan edi.