
Samarqandning Bog‘i baland mahallasida tabiatning noyob burchagi — Amir Temurning o‘n ikki bog‘idan bugungi kungacha anjir yetishtiriladigan yagona bog‘ saqlanib qolgan.
40 gektarga yaqin maydonni egallagan ushbu bog‘da 10 mingdan ortiq daraхt o‘sadi, ulardan ba’zilarining yoshi uch yuz yildan ham oshgan. Bog‘ni parvarishlash bilan Bog‘i baland mahallasining bir nechta oilasi shug‘ullanadi.
Mazkur anjirzor 43 yildan buyon fermer Rustam Muinov boshchiligida rivojlanmoqda. U Kursiv Uzbekistan nashriga bergan intervyusida bog‘ning tarixi, uni saqlab qolish yo‘lidagi mehnati va turizm orqali mahalliy aholining hayoti qanday o‘zgargani haqida so‘zlab berdi.
Anjir, turizm va yangi ish o‘rinlari: bir mahallaning o‘zgarish tarixi

Avgust va sentabr oylarida Bog‘i baland mahallasida sayyohlik mavsumi eng qizg‘in pallaga kiradi. Aynan shu davrda mahalla ramziga va sayyohlik brendiga aylangan anjir mevasi pishib yetiladi.
Rustam Muinov va uning Bog‘i baland mahallasidagi qo‘shnilari uchun bu davr alohida ahamiyatga ega. Chunki ularning bog‘i nafaqat Samarqandda, balki butun mamlakatda yagona hisoblanadi.
Rustamning oilasi ushbu bog‘ni uch avloddan buyon parvarishlab kelmoqda. Bu maskan Amir Temurning nabirasi Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan Boburnoma asarida ham tilga olingan.
O‘sha davrning eng yaxshi agronomlari anjir uchun qulay yer izlashdi, chunki anjir namlikni juda yaxshi ko‘radi. Nihoyat Zarafshon daryosi yaqinida bog‘ barpo etganlar.
Uch yil avval mahallaga turizm hududi maqomi berilgach, mahalliy aholining hayoti sezilarli darajada o‘zgardi. 40 gektar yer 72 ta oilaga bo‘lib berildi va bugungi kunga kelib, Rustam Muinov bog‘i nafaqat o‘zbekistonlik, balki xorijlik sayyohlar uchun ham mashhur maskanga aylandi.
«Bir kunda kamida 50 – 60 kishi keladi. Fermerlarning daromadlari oshdi. Shaxsan mening foydam ikki barobar ko‘paydi», — deydi Rustam Muinov.

Dastlab mahallani turizm markaziga aylantirish g‘oyasi barcha tomonidan ijobiy qabul qilinmagan. Aholi dastlab o‘zlarining anjir bog‘lari mehmonlar uchun qiziqarli bo‘lishiga ishonmagan.
Ular sayyohlarni oddiy mahallalar emas, balki tarixiy obidalar ko‘proq qiziqtiradi, deb hisoblashgan.
«Menga bu g‘oya yoqdi. Xo‘jaligimni tartibga keltirib, sopol idishlar, tapchan va to‘shaklar sotib oldim», — deb eslaydi Rustam.

Butun oila davlat ko‘magida anjir ekib, mahalla kelajagini qurmoqda

Anjir — doimiy parvarishni talab qiladigan, injiq ekin hisoblanadi. Yerning yumshatilishi, novdalarni chilpish, shoxlarni kesish, daraxtlarni muntazam sug‘orish — bularning barchasi og‘ir, ammo zaruriy hamda jamoaviy mehnatni talab qiladi. Rustam Muinovga bu borada butun oilasi: o‘g‘illari, kelinlari va voyaga yetgan nabiralari yordam beradi. Xotini Hadicha esa xo‘jalikning buxgalteriyasini yuritadi va moliyaviy hisobotlar bilan shug‘ullanadi.
Bugungi kunda Rustam bog‘i O‘zbekistondagi 27 ta rasmiy agroturizm obyektlaridan biri hisoblanadi. Mamlakat hukumati ayniqsa ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda aholiga barqaror daromad manbai yaratish maqsadida yana 135 ta qishloq hududini kompleks rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
«O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» dasturi ichki turizmni targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda. Ushbu tashabbus doirasida davlat mehmon uylari, kafelar va boshqa sayyohlarni qabul qiladigan obyektlar uchun soliq imtiyozlarini joriy qilgan.
Shuningdek, har yili mahallalarni rivojlantirish uchun 200 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. Tadbirkorlar imtiyozli kreditlardan ham foydalanishlari mumkin — bu kreditlar turistik obyektlarni qurish yoki ta’mirlash uchun mo‘ljallangan.

Mehmonxona, choyxona va mahorat darslari
O‘zbekistonda anjir mavsumi qisqa davom etadi, biroq Rustam aka bu holatni o‘zgartirishga bel bog‘ladi. U issiqxonalarda Turkiya, Xitoy va Italiyadan olib kelingan 7 ta yangi navni ekib, joriy yilning o‘zidayoq dastlabki hosilni oldi. Endilikda sayyohlar dekabr oyigacha ham yangi anjirdan bahramand bo‘lishlari mumkin.

Mehmonlarning aksariyati anjir yetishtirilmaydigan hududlardan keladi. Tashrif buyuruvchilar orasida rossiyalik sayyohlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Biroq, hosil hali yetarli emas, shuning uchun fermer mahsuldor navlarni ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalla sayyohlik yo‘nalishi sifatida o‘sishda davom etishi uchun an’anaviy uslubda qurilgan, ammo zamonaviy qulayliklarga ega mehmon uylari kerak.
O‘zi ham naqshinkor ayvonli, ichki hovlili shunday uy ochishni orzu qiladi. Buning uchun bog‘ tashqarisidagi 10 sotix yer maydoni kerak bo‘ladi, toki qari daraxtlarga tegilmasin. Fermer hokimiyatdan bir necha marta yer so‘ragan, ammo hozircha natija yo‘q.
Rustam aka rejalariga ko‘ra, faqat mehmon uyi emas, balki sayyohlar dam olishi va mahalliy taomlardan tatib ko‘rishi mumkin bo‘lgan choyxona ham qurilishi kerak Bundan tashqari, u issiqxonalarda anjir yetishtirish bo‘yicha mahorat darslari tashkil etishni ham rejalashtirmoqda.
Shu tariqa nafaqat anjir mavsumini uzaytirish, balki mahallani yanada jozibador turizm maskaniga aylantirishga umid qilmoqda.

Rustam mahallaning kelajagi faqat unga bog‘liq emasligini yaxshi tushunadi. U yangi avlod o‘zi boshlagan ishni rivojlantirib, unga zamonaviy yechimlar topishiga umid qilmoqda.
«Bu biznesga yangicha qaraydigan o‘g‘illardan umid qilaman. Bu yerda katta istiqbol bor: arzon, tabiiy va ekologik toza. Lekin anjir biznesida yana nimalarni rivojlantirish mumkinligini o‘ylash kerak», deydi Rustam aka.
Shu tariqa, Rustam aka o‘z oilasi taqdirini mahalla rivoji bilan chambarchas bog‘laydi va anjirni nafaqat ramziy meva, balki mintaqa farovonligining asosiga aylanishiga ishonadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbek uzumi jahon bozoriga qanday chiqa olishi haqida yozgandi.