Tesla AQSh bozorida so‘nggi 8 yildagi eng past natijani ko‘rsatdi

9-sentabr 2025 10:39 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir a.muhammadov@kursiv.media
Tesla AQSh bozorida
Tesla AQSh bozorida so‘nggi 8 yildagi eng past natijani ko‘rsatdi / Foto: Midjourney

AQShda elektromobillar bozori yetakchisi bo‘lib kelgan Tesla’ning ulushi ilk bor 2017-yildan buyon 40 foizdan pastga tushdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Iyul oyida kompaniya ulushi 42 foizni tashkil etgan bo‘lsa, avgust yakunida bu ko‘rsatkich 38 foizga qisqardi. Taqqoslash uchun, bir paytlar Tesla bozorda 80 foizdan yuqori natijaga ega edi.

Cox Automotive tahliliga ko‘ra, Tesla model qatorining yangilanmaganligi mijozlarni raqib brendlarga og‘dirgan. Raqobatchilar yangi elektromobillar taqdim etayotgan bir paytda kompaniya e’tiborini robotaksi va insonsimon robotlarga qaratdi. Arzonroq model ishlab chiqarish rejasi esa bekor qilinishi Tesla’ning sotuvdagi mavqeyiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

So‘nggi yirik yangilik sifatida 2023-yilda taqdim etilgan Cybertruck Model 3 va Model Y darajasida muvaffaqiyat qozona olmadi. Yaqinda yangilangan Model Y ham kutilgan natijani bera olmadi. Natijada kompaniya ketma-ket ikki yil savdo hajmining pasayishini qayd etmoqda.

Shu bilan birga, Tesla kuzatuv kengashi kompaniya rahbari Ilon Mask uchun $1 trillionlik mukofot paketini taklif qildi. Unga ko‘ra, Mask Tesla qiymatini keyingi 10 yil ichida 8,5 trillion dollargacha oshirsa, mukofot to‘liq beriladi.

«Tesla o‘zini robototexnika va sun’iy intellekt kompaniyasi sifatida ko‘rsatmoqda. Ammo agar yangi avtomobillar chiqarmasangiz, ulushingiz pasayadi», — deya ta’kidladi Cox Automotive mutaxassisi Stefani Valdes Striti.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla Model YL avtomobili Xitoy bozorida savdoga chiqqani haqida xabar bergan edi.

Kompaniya 2-sentabrdan Xitoyda yangi Tesla Model YL elektromobilini yetkazib berishni boshladi. Mashina narxi 339 ming yuan (taxminan $47,5 ming) etib belgilangan.

Model YL oltita o‘rindiqqa ega, 0 dan 100 km/soatgacha 4,5 soniyada tezlanadi va CLTC sikliga ko‘ra 751 km masofa bosib o‘tadi. U to‘liq uzatma, bosqichsiz sozlanadigan amortizatorlar va 3040 mm g‘ildirak bazasi bilan jihozlangan.

Shuningdek