
Yangi Toshkent metropolitenining rivojlanishi bo‘yicha muzokaralarda Xitoyning Tianjin Rail Transit Group kompaniyasi hamkor sifatida qatnashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, kompaniya poytaxtdagi mavjud bekatlarni modernizatsiya qilish va yangi bekatlar qurilishida ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.
Sentabr oyida o‘tgan ShHT sammitida ham transport masalalari muhokama qilinib, chegara o‘tishdagi to‘siqlarni kamaytirish, raqamlashtirish va xalqaro koridorlarni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashkilot a’zolarini O‘zbekistonning tranzit imkoniyatlaridan faol foydalanishga chaqirdi.
Ilhom Mahkamov, shuningdek, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasining amaliy bosqichga o‘tganini, Transafg‘on temir yo‘li esa uning mantiqiy davomiga aylanishini qayd etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Beruniy metrosidagi talabalarning «megaprobka»siga izoh berilgani haqida yozgandi.
Ma’lumot uchun, Yangi Toshkentda uzunligi 8 km bo‘lgan yangi metro yo‘nalishi 2026-yil oxirigacha foydalanishga topshiriladi. Yo‘nalishda uchta bekat joylashadi.