Yangiliklar

Transport vazirligi turizmga keraklicha hissa qo‘shmayapti — Alisher Qodirov

Deputat poyezd va samolyotga chipta sotib olish muaommolarini ham ko‘tardi
Foto: Facebook.com

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida Alisher Qodirov transport sohasini tanqid qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Yig‘ilishda esa Qodirov Transport vazirligiga murojaat qilib, Uzbekistan Airways va «O‘zbekiston temir yo‘llari» faoliyatida yo‘lovchilarga qulaylik yaratish, chiptalar sotib olish imkoniyatlarini yaxshilash va turizmni rivojlantirish bo‘yicha jiddiy savollar qo‘ydi.

«Yurtimizning tarixiy shaharlariga sayyohlar kelmoqda, lekin har kunlik reyslar yo‘q. Yo‘lovchi oqimi ortiq, ammo infratuzilma yetarli emas. Transport vazirligi turizmga keraklicha hissa qo‘shmayapti, uzoq yillik strategiyasi ham borligiga shubhamiz bor», — dedi Qodirov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim turistik maskanlarga, xususan, ko‘p ming yillik Sarmishsoyga olib boradigan yo‘llar ham abgor ahvolda. Bu esa sayyohlar oqimini cheklayotgan omillardan biri.

Yig‘ilishda, shuningdek, Madaniy meros agentligiga ajratilgan mablag‘larning faqat 59 foizi o‘zlashtirilgani, muzeylar moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun sarflangan mablag‘ esa atigi 18 foizni tashkil etgani qayd etildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Alisher Qodirov darsliklar masalasiga e’tibor qaratgani haqida yozgandi.