UzAuto Motors’dan sakkizta model, Sherzodxon Qudratxo‘jaga javob qaytargan Lola Tillayeva — 9-sentabrning muhim yangiliklari

84,27 so‘mga tushgan dollar, UzAuto Motors’dan yangi sakkizta model, Sherzodxon Qudratxo‘jaga javob qaytargan Lola Tillayeva, «Toshkent» fond birjasini tark etgan Georgiy Paresishvili — Kursiv Uzbekistan 9-sentabrning muhim yangiliklarini bir joyga jamladi.
Georgiy Paresishvili «Toshkent» fond birjasini tark etdi

2025-yil 8-sentabr kuni «Toshkent» Respublika fond birjasi Georgiy Otarovich Paresishvili mehnat shartnomasi muddati tugagani bois boshqaruv raisi lavozimini tark etdi.
Chinorkentga boruvchi tezyurar elektropoyezd narxi oshiriladi

Shu yilning 25-sentabridan boshlab Toshkent — Chinorkent — Toshkent yo‘nalishida qatnovchi shaharlararo ekspress elektr poyezdlar uchun yangi chipta narxlari joriy qilindi. Endilikda kattalar uchun yo‘l haqi 30 ming so‘m, bolalar uchun esa 16,5 ming so‘mni tashkil etadi.
Avtomobillarga eko-stiker berish muddati 2035-yil yakuniga qadar uzaytirildi

Avvalgi rejaga binoan, Toshkentda tizim 2027-yilda to‘liq joriy etilishi kerak edi. Endilikda poytaxtdagi barcha avtomobillarni baholash 2028-yil boshigacha cho‘zildi. Stikerlar haydovchilarga 2026-yil yanvaridan berila boshlaydi.
Davlat budjeti 2025-yilning birinchi yarmida 144 trln so‘mni tashkil etdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 2025-yil birinchi yarim yillik bo‘yicha Davlat budjeti ijrosi muhokama qilindi. Unga ko‘ra, budjet daromadlari 144,2 trln so‘mni tashkil etib, 2024-yilning shu davriga nisbatan 19,2 foizga (23 trln so‘mga) oshgan. Davlat budjeti daromadlari tarkibida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34,4 foizga, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 17,5 foizga ko‘paydi.
Banklardagi avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoldi

Mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 0,6 foizga pasayib, 35,3 foizni tashkil etmoqda. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning (mikroqarzlardan tashqari) o‘rtacha foiz stavkasi 23,7 foizni, yuridik shaxslar ulushi esa 23,1 foizni ko‘rsatmoqda.
O‘zbekistonda 12 yillik ta’lim tizimi joriy etiladi

Unga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishgan. Maktabgacha tayyorlov kurslarining keng joriy etilishi 12 yillik ta’lim tizimining yaratilishiga sabab bo‘ladi. Ushbu tizim ta’lim sifatining oshishi va o‘zbekistonlik yoshlarning xorijiy OTM uchun boshlang‘ich o‘qishi uchun ehtiyoj qoldirmasligi qayd etilgan.
Oliy ta’lim vazirining barcha o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari — birinchi o‘rinbosar Shoxruh Daliyev hamda o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov lavozimidan ozod etildi.
Yangi Toshkent metrosi qurilishida Xitoy kompaniyasi ishtiroki kutilmoqda

Yangi Toshkent metropolitenining rivojlanishi bo‘yicha muzokaralarda Xitoyning Tianjin Rail Transit Group kompaniyasi hamkor sifatida qatnashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Eski turarjoy binolari egasining ruxsatisiz buzilmaydi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida «Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi va Senatga yuborildi. Qonun loyihasiga ko‘ra, renovatsiya faqat huquq egalarining ixtiyoriy roziligi asosida amalga oshiriladi. Hech kim majburan jalb etilmaydi va fuqarolar sud qarorisiz uy-joyidan mahrum qilinmaydi. Xususiy mulk daxlsizligi davlat tomonidan qat’iy kafolatlanadi.
UzAuto Motors sakkizta yangi modelni taqdim etishga tayyorlanmoqda

UzAuto Motors hozirda sakkizta yangi model ustida ishlamoqda va ular tez orada bozorga taqdim etiladi. Bu haqda «UzAuto Motors» AJ bosh direktori Yanosh Kovach ma’lum qildi. Unga ko‘ra, modellar qatori kengaytirilmoqda, kompaniya ayniqsa SUV segmentida yangi avtomobillarni ishlab chiqishga e’tibor qaratmoqda.
10-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

10-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kuni uchun AQSh valyutasi 12 355,14 so‘m (-84,27 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 44,43 so‘mga tushib, 14 539,53 so‘mni, rubl esa 3,39 so‘mga tushib, 148,48 so‘mni tashkil qildi.
O‘zbekistonda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etiladi

Kelgusi o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50 foizi — qo‘shimcha 200 ming o‘quvchini texnikumlarda o‘qishga jalb qilish rejalashtirilmoqda. Ushbu jarayonni yagona siyosat asosida tashkil qilish uchun maxsus Kasbiy ta’lim agentligi tuziladi.
Men otamni hurmat qilmaydiganlarga singil emasman — Lola Tillayeva

Lola Tillayeva Sherzodxon Qudratxo‘janing ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan xabariga munosabat bildirdi. Bu haqda u o‘z Instagram sahifasida ma’lum qildi. Tillayeva otasi xotirasini hurmat qilmaganlarga keskin murojaat qilib, «men sizlarga singlingiz emasman» dedi. U siyosiy bahsga kirishni istamasligini aytib o‘tdi.
Bundan avval 8-sentabr kuni sodir bo‘lgan muhim hodisalar dayjesti taqdim etilgandi.