Xitoy fazoga bir kunda ikkita sun’iy yo‘ldosh uchirdi

9-sentabr kuni Xitoy Wenchang kosmodromidan Long March-7A raketasida Yaogan-45 sun’iy yo‘ldoshini o‘rta orbitaga chiqardi. Bu haqda Spacenews nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh resurslarni kuzatish, hosildorlikni baholash va tabiiy ofatlar oqibatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Yaogan seriyasi odatda razvedka va kuzatuv bilan bog‘liq bo‘lsa-da, bu safargi sun’iy yo‘ldosh kattaligi va orbitasi bilan ajralib turadi.
Shu kuni Shandun viloyati qirg‘og‘idan Smart Dragon-3 raketasi ham uchirildi. U Geely konserniga qarashli Geesatcom tizimi uchun 11 ta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga joylashtirdi. Ular yuqori aniqlikdagi navigatsiya va aqlli transport tizimlari uchun qo‘llaniladi.
Ma’lumot uchun, Xitoyning muvaffaqiyatli orbital startlari soni joriy yilda 54 taga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy kosmik stansiyasida sun’iy intellekt yordamchisi ishga tushirilgan edi.