Avto

BYD FCB Tai 7 PHEV yangi gibrid modeli taqdim etildi

Model to‘rt xil komplektatsiyada taqdim etilgan
BYD
BYD FCB Tai 7 PHEV 1300 km masofaga ega yangi gibrid modeli taqdim etildi / Foto: BYD

Xitoyda BYD Fang Cheng Bao Tai 7 nomli gibrid modeli sotuvga chiqdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Model to‘rt xil komplektatsiyada taqdim etilgan. Tai 7 ning uzunligi 4999 mm, kengligi 1995 mm, balandligi 1865 mmga teng. Uning g‘ildirak bazasi esa 2920 mmni tashkil etadi. Chiqish burchagi 25° ni tashkil etadi. Maksimal suvdan o‘tish chuqurligi 600 mmga teng.

Foto: BYD

Mashina oldingi ikki qo‘llab turuvchi (double wishbone) va orqa besh bog‘lama (five-link) osma tizimi bilan jihozlangan. U BYD’ning DiSus-C Intelligent Body Control System va TSC (Tire Stability Control) texnologiyasiga ega. Bu tizim shina yorilganda avtomobilni 80 km/soat tezlikda 30 km davom ettirish imkonini beradi.

Salonida 5 o‘rinli konfiguratsiya mavjud. Ikkinchi qator yig‘ilganda yukxona hajmi 1880 litrgacha kengayadi. Ichki qismida esa 45 ta saqlash bo‘shlig‘i bor.

Foto: BYD

BYD Tai 7 1,5 litrli turbo benzinli dvigatel bilan jihozlangan. Uning quvvati 115 kVt (154 ot kuchi)ni tashkil etadi. Avtomobil gibrid tizimda ishlaydi va elektr motorlari bilan birga yuqori samaradorlikka erishadi. Orqa g‘ildirakdan tortuvchi (RWD) versiyada 200 kVt (268 ot kuchi) quvvatga ega elektr motor o‘rnatilgan.

Unga 26,6 kVt·soat yoki 35,6 kVt·soat quvvatga ega LFP batareyalar biriktirilgan. Bu mos ravishda 135 km yoki 200 km toza elektrda yurish masofasini ta’minlaydi. To‘liq g‘ildirakdan tortuvchi (AWD) versiya esa qo‘shimcha 160 kVt (215 ot kuchi) old elektr motor bilan jihozlangan. U 35,6 kVt·soatlik batareya orqali 190 km elektr masofasini bosib o‘tadi. Mashina 0 dan 100 km/soatgacha atigi 4,5 soniyada tezlanadi. Avtomobilning umumiy yurish masofasi 1300 km ga teng bo‘lib, yonilg‘i sarfi har 100 km da 4,9 litrni tashkil etadi.

Foto: BYD

Eng yuqori AWD versiyasi God’s Eye B (DiPilot 300) yordamchi haydash tizimi bilan ta’minlangan. U lidar, Nvidia Orin-X chipi va 30 dan ortiq funksiyalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, dron tizimi bilan ham jihozlanishi mumkin.

Salonida 7 ta ekran mavjud. 15,6 dyuymli markaziy displey, 12,3 dyuymli panel, 26 dyuymli HUD, ikki konditsioner ekrani va orqa qator uchun ikki dona 13 dyuymli BYD Padga ega.

BYD Fang Cheng Bao Tai 7 nomli gibrid modeli qanday narxda / Foto: BYD

Bundan tashqari, avtomobil 20 ta karnayli audio tizim, -6°C dan +50°C gacha ishlaydigan 4,5 litrli mini-xolodilnik, simsiz zaryadlovchi va ichki yoritish tizimi bilan jihozlangan.

ModelMasofa (elektr)Narx (yuan)Narx (USD)
135KM RWD Pro135 km179 800$25 200
200KM RWD Max200 km189 800$26 600
190KM AWD Max190 km206 800$29 000
190KM AWD Ultra190 km219 800$30 800

Avvalroq BYD 427 ot kuchiga ega yangi gibrid sedanini taqdim etgani haqida yozgan edi.