Fransiyada kuchaygan namoyishlar ortidan 300 ga yaqin kishi hibsga olindi

Fransiyada 10-sentabr kuni minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, prezident Emmanuel Makron va hukumatning rejalashtirilgan byudjet qisqartirishlariga qarshi norozilik bildirishdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
«Hammasini to‘sib qo‘yish» deb nomlangan bu harakat mamlakatning ko‘plab shaharlarida yo‘llarni to‘sib qo‘yish, axlat idishlarini yoqish va transport qatnovini izdan chiqarish orqali namoyon bo‘ldi.

Parij, Nant, Monpelye, Renn va boshqa shaharlarda politsiya bilan to‘qnashuvlar qayd etildi. Poytaxtda namoyishchilar Gare du Nord vokzaliga kirishga uringanida xavfsizlik kuchlari ularni to‘xtatdi, ayrim o‘quv yurtlari yonida esa yoshlar ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida tarqatildi. Renn shahrida avtobus yoqib yuborilgani haqida ham xabar qilindi.
Ichki ishlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab qariyb 300 kishi hibsga olindi. Noroziliklarni nazorat qilish uchun jami 80 ming xavfsizlik xodimi safarbar etildi, ulardan 6 ming nafari Parijda xizmat qildi. Yo‘l operatorlari mamlakatning turli mintaqalarida transport qatnovi uzilib qolganini tasdiqladi.

Namoyishchilar Makronni iste’foga chaqirib, byudjet qisqartirishlari o‘rniga ta’lim va sog‘liqni saqlashga ko‘proq mablag‘ ajratishni talab qilmoqda. Ayrim o‘qituvchilar hukumatning yangi moliyaviy siyosati maktab va shifoxonalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytib chiqishdi.
«Hammasini to‘sib qo‘yish» harakati ijtimoiy tarmoqlarda shakllanib, qisqa fursatda chap va radikal chap guruhlar qo‘liga o‘tgan. Tahlilchilar uni 2018-yilda boshlangan «Sariq yelek» noroziliklari bilan solishtirmoqda. O‘shanda ham aholi Makron siyosati va iqtisodiy islohotlariga qarshi ko‘tarilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepaldagi namoyishlar oqibatida kamida 19 kishi halok bo‘lgan edi.