Maktablarda Erp.portfolio platformasi yaratiladi

Maktablarda Erp.portfolio platformasi yaratiladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Tizim orqali 1–11-sinf o‘quvchilarining portfolio bazasi shakllantiriladi va u maktab maslahatchilari tomonidan yuritiladi. 2028–2029-o‘quv yilidan boshlab ushbu ma’lumotlar o‘quvchilarning shahodatnomalarida aks etadi.
Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. Ularning maoshi maktab direktori o‘rinbosari maoshiga tenglashtiriladi, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lganlarga esa har oyda 30 foiz qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Avvalroq 2025-2026-o‘quv yilida eMaktab platformasi ta’lim jarayonini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiluvchi yangilanishlarni taqdim etgandi.
Shuningdek, eMaktab bonus sodiqlik dasturi ham ishga tushirildi. O‘quvchilar o‘z baholari evaziga «e.So‘m» ballarini to‘plashlari va ularni hamkor xizmatlardan chegirma yoki sovg‘a sifatida olishlari mumkin. Hozircha ushbu bonusli tizim Toshkent, Samarqand va Urganch shaharlarida amal qiladi.