OʻFAning jimligi va mish-mishlar meni charchatdi — Kapadze xorijlik murabbiyi kelishi haqida

Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze terma jamoa rahbariyatining sukuti va xorijlik murabbiy olib kelinishi haqidagi mish-mishlar uni charchatganini bildirdi. U bu haqda Oriat Dono radiosidagi «Futbol+» koʻrsatuvida aytdi.
Kapadzening soʻzlariga koʻra, turnir davomida yangi murabbiy kelishi haqidagi xabarlar uning ishiga salbiy taʼsir koʻrsatgan.
«Atrofdagilar ham, hatto ayrim futbolchilar ham: «Aka, nima boʻlyapti?» deb soʻrashdi. Agar assotsiatsiya rasmiy izoh berib, matbuot anjumani oʻtkazganida, barcha savollarga javob topilgan boʻlardi», — dedi u.
Murabbiyning taʼkidlashicha, OʻFA bu masalada mutlaqo jim qolgan va bu holat vaziyat qiyinlashishiga olib kelgan.
«Assotsiatsiya bu tomondan rostan jim edi va meni qiynashdi. Men yigitlarni turnirga tayyorlashim kerak edi, ammo nima boʻlayotganini bilmayapman. Toʻgʻrisi, atrofdagi bunaqa mish-mishlardan charchadim», — deya qoʻshimcha qildi Kapadze.
Shu bilan birga, u top darajadagi xorijlik murabbiy kelishiga qarshi emasligini bildirdi.
«Agar Jahon chempionati tajribasiga ega murabbiy olib kelishsa, men uning yonida koʻp narsa oʻrganishim mumkin», — dedi milliy jamoa ustozi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston terma jamoasi Eron ustidan 1:0 hisobida gʻalaba qozonib, CAFA Nations Cup 2025 turnirini qoʻlga kiritgani haqida xabar bergan edi.