Yangiliklar

O‘zbekiston Isroilning Qatar poytaxtiga qilgan hujumini qoraladi

Hujum Qatar davlati suverenitetini buzish sifatida baholandi
O‘zbekiston Isroilning Qatar poytaxtiga qilgan hujumini qoraladi / Foto: Pond5

O‘zbekiston Respublikasi Isroilning Doha shahridagi turar joy hududiga uyushtirgan hujumlarini keskin qoraladi. Holat yuzasidan berilgan bayonot TIV rasmiy sahifasida e’lon qilindi.

Tashqi ishlar vazirligi bayonotida bu harakatlar Qatar davlati suverenitetini buzish, uning chegaralari daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz sifatida baholandi.

Rasmiy Toshkent bunday xatti-harakatlarni mutlaqo nomaqbul deb atab, ularning BMT Nizomi hamda xalqaro huquq me’yorlariga zid ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday shakliga va Yaqin Sharqda vaziyatni yanada keskinlashtiruvchi qadamlar qo‘yilishiga qat’iy qarshi ekanini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Dohada Hamas yetakchilari joylashgan hududga zarba bergani haqida xabar qilgan edik.