Yangiliklar

TIM brendi ostida qalbaki go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarilgani aniqlandi

Adashtirib yuborish darajasida o‘xshash etiketkalar tayyorlangan
Foto: Adliya vazirligi

O‘zbekistonda TIM brendi nomidan go‘sht mahsulotlarini noqonuniy qadoqlash ishlari olib borilgani aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unag ko‘ra, «Sheris Rent Group» MChJ o‘ziga tegishli TIM jamlama tovar belgisidan noqonuniy foydalanilganini ma’lum qilgan. Murojaat asosida o‘tkazilgan tekshiruvda «A.B.» MChJ tomonidan mazkur brend belgilariga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash etiketkalar tayyorlangan va 3 o‘ram (600 metr) mahsulot qadoqlash materiallari saqlanayotgani aniqlandi.

Holat yuzasidan korxonaga nisbatan ta’sir chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, noqonuniy ishlab chiqarish uchun tayyorlangan barcha etiketkalarni yo‘q qilish majburiyati yuklatildi.

Mutasaddilar ma’lum qilishicha, kontrafakt mahsulotlar ko‘pincha oziq-ovqat, farmatsevtika va parfyumeriya kabi inson salomatligi bilan bevosita bog‘liq sohalarda uchraydi. Bunday mahsulotlar texnik talablar va gigiyena qoidalariga rioya qilinmagan holda ishlab chiqarilgani sababli inson hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda «Hyundai» va «Kia» tovar belgilaridan noqonuniy foydalanishga chek qo‘yilgani haqida yozgandi.