
9-sentabr kuni Toshkentdan Lanchjou shahriga O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy multimodal yo‘nalishida ilk konteyner poyezdi jo‘natildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Tadbir davomida Gansu International Logistics Group Co. Ltd. kompaniyasining O‘zbekistondagi yangi logistika bazasi ham o‘z faoliyatini boshladi. Bu tashabbus yuk tashish tizimini zamonaviylashtirish, xalqaro transport-logistika hamkorligini rivojlantirish va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiyani kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yangi yo‘nalish mintaqaning tranzit salohiyatini mustahkamlab, yuk yetkazib berish muddatini sezilarli darajada qisqartirishi va Gansu – Qoshg‘ar – Markaziy Osiyo yo‘nalishida barqaror tashuvlarni ta’minlashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda 400 million dollarlik O‘zbekiston-Xitoy innovatsion markazi qurilishi haqida yozgan edik.