Qozog‘istonliklarning Google akkauntlariga xakerlar hujum qildi

Qozog‘istonda fuqarolarning Google ma’lumotlar bazasiga hujum qilingani ma’lum qilindi. Mamlakat bosh prokuraturasi fuqarolarga parollarini zudlik bilan almashtirishni tavsiya etdi.
Unga ko‘ra, xalqaro internet makonini kuzatish jarayonida Gmail foydalanuvchilariga oid keng ko‘lamli kiberxavf aniqlangan. ShinyHunters deb nomlangan xakerlik guruhi 2,5 milliardgacha akkauntga tegishli kontakt ma’lumotlari va kompaniya nomlariga ega bo‘lgan. To‘g‘ridan to‘g‘ri parollar o‘g‘irlanmagan bo‘lsa-da, bu ma’lumot firibgarlik sxemalari uchun yetarli, deydi prokuratura.
Kiberhujum ijtimoiy muhandislik usuli bilan amalga oshirilgan. Jinoyatchilar Google xodimiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini IT-yordam bo‘limi vakillari sifatida tanishtirishgan va uni zararli dastur Salesforce Data Loader’ga kirishga majburlashgan.
Shundan keyin firibgarlar foydalanuvchilarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Google xodimi sifatida tanishtirib, parolni tiklashni talab qilmoqda. Ba’zi odamlar Gmail akkauntlariga kirish ma’lumotlarini so‘ragan, 650 kodli raqamlardan kelayotgan qo‘ng‘iroqlar haqida shikoyat qilgan.
Bosh prokuratura ogohlantirishicha, hatto qisman ochiq ma’lumotlar ham katta firibgarlik sxemalariga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli fuqarolardan akkauntlarini doimiy ravishda nazorat qilish va xavfsizlik sozlamalarini qayta ko‘rib chiqish so‘ralmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iyun oyida 16 mingdan ziyod qozog‘istonliklarning ma’lumotlari internetda tarqalib ketgani haqida yozgandi.