
Samarqand tumanida qalbaki aksiz markali mahsulotlar savdosi fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tezkor tadbir o‘tkazib, «G.A.» MChJ vakillari savdo do‘konida hujjatsiz 134,7 mln so‘mlik 4218 dona alkogol va 1 720 quti tamaki mahsulotini sotuvga qo‘yganini aniqladi.
Ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176 hamda 186-1-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar noqonuniy savdoga qarshi kurash davom ettirilishini, aholining sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi bunday mahsulotlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlashdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq departament Qarshida soxta alkogol mahsulotlari ishlab chiqarilishiga chek qo‘ygan edi.