
Shohjahon Abdusattorov 2001-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U dastlab Toshkent davlat yuridik universitetida (TDYU) tahsil olgan. O‘qish davrida «Zukko Yurist» loyihasiga asos solib, minglab talabalarni huquqiy bahslarga jalb qildi. 2022-yilda «Yil talabasi» unvoniga sazovor bo‘ldi. Universitetni tugatgach dunyoning Top-100 universitetlaridan biriga — The Pennsylvania State University‘da 80% (Penn State Law) grant asosida magistraturaga qabul qilingan. Kursiv Uzbekistan Shohjahon bilan O‘zbekiston va AQShdagi ta’lim, intellektual mulk huquqi farqlari hamda yoshlar uchun maslahatlari haqida suhbatlashdi.
Ushbu maqolada quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:
- «Zukko Yurist» qanday paydo bo‘ldi
- Nima uchun AQSh?
- Penn State Law’dagi o‘quv jarayoni
- Til sertifikati va qabulda ustunlik beradigan jihatlar, Amerikada ish imkoniyatlari
- AQSh va O‘zbekistonda intellektual mulk huquqidagi farqlar
- Til — ham eshik, ham kalit
— «Zukko Yurist» qanday paydo bo‘ldi?
— Toshkent davlat yuridik universitetda 2-kursda o‘qib yurgan paytimda bitta xulosaga kelganman, ya’ni yaxshi yurist faqat qonunni yod oladigan emas, dalillardan to‘g‘ri foydalanadigan, mantiqan izchil va nutq madaniyati yuqori inson bo‘lishi kerak. Shu fikrni tizimga aylantirdim va «Zukko Yurist» loyihasini yo‘lga qo‘ydim.
Loyiha uch bosqichdan iborat bo‘ldi: huquqiy savollar (kodeks va sud amaliyotini tatbiq qilish), mantiqiy savollar (fikrlash tezligi va xulosalash qobiliyati) hamda adabiyot savollari (badiiy asarlar orqali tilni his qilish va dunyoqarashni kengaytirish).

Dastlab yuzlab talabalar qiziqish bildirdi, keyinchalik ishtirokchilar soni 10 mingdan oshdi. Ikki yil ichida loyiha respublika miqyosiga chiqdi. TDYUdan tashqari akademik litsey, Temurbeklar maktabi va boshqa oliygohlarda ham o‘tkazildi.
Bu dastur oddiy musobaqa emas, balki huquqiy, mantiqiy va adabiy tafakkurni birlashtirgan noyob loyiha bo‘ldi. Aslida bu format O‘zbekistonda huquqshunoslik ta’limining yangi yondashuvini ham ko‘rsatdi.
— Nima uchun AQSh?
— O‘zbekistonda universitetni tamomlab, o‘zim ko‘proq qiziqadigan yo‘nalish — intellektual mulk va sun’iy intellekt huquqi sohasida xalqaro miqiyosda o‘qishga qaror qildim. Bu sohalardagi eng dolzarb bahslar aynan AQShda kechmoqda. Ya’ni sud pretsedentlari real biznes va texnologiyalar bilan bog‘liq. Nazariya qog‘ozda qolmaydi, hayotga tatbiq etiladi.

AQShdagi ta’lim Socratic uslubda qurilgan: savol, dalil, xulosa. Bu yondashuv tez tahlil qilish va fikrni himoya qilish odatini shakllantiradi. AQSh huquqiy tizimida nazariya va amaliyot o‘rtasidagi bog‘liqlik aniq ko‘rinadi. O‘zbekistonda esa huquqshunoslar ko‘proq kodifikatsiyalangan normalarga tayanadi.
— Penn State Law’dagi o‘quv jarayoni qanday?
— Bu yerda ta’lim hayotiy misollar bilan jonlanadi. Memorandum, brifinglar, qisqa xulosalarni yozish majburiy sanaladi. Aynan yozish malakasi yuristni charxlaydi.

Professorlar bilan tadqiqotlarda ishtirok etish, klinikalarda real ishlarni ko‘rish, startaplar bilan hamkorlik qilish imkoniyati keng. Intellektual mulk huquqi kurslari esa Si bilan bog‘liq mavzular — algoritmik javobgarlik, data rejimi, generatsiya muammolari bilan uyg‘unlashtirilgan.

Bu universitetda o‘qish uchun transkript va diplom, tavsiyanomalar, til sertifikati kerak bo‘ladi. Tavsiyanomalar umumiy maqtov emas, balki aniq misollarga asoslangan bo‘lishi kerak. Rezyume esa «fe’l + natija + raqam» formatida yoziladi.
— Til sertifikatining qabulda ustunlik beradigan jihatlari qanday, shuningdek, Amerikada ish imkoniyatlari mavjudmi?
— Til sertifikati tom ma’noda eshik kaliti hisoblanadi. IELTS/TOEFLsiz qolgan hujjatlar ish bermaydi. Qolaversa, rezyume, tavsiyanomalar, akademik natijalar va intervyu hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Universitet «nima bilasiz?»dan ko‘ra «qaysi muammo uchun foydalisiz?» savoliga javob izlaydi.
Shuningdek, kampus ichida haftasiga 20 soatgacha kutubxonada, professorlarga research assistant, klinik loyihalarda qo‘shimcha ishlarda ishlash mumkin. Eng foydalisi — ilmiy yordamchilik. Bu rezyumeda aniq natija sifatida ko‘rsatiladi. Karyera markazi esa networking, rezyume tahriri va amaliyot topishda katta yordam beradi.
— AQSh va O‘zbekistonda intellektual mulk huquqlari o‘rtasida qanday farqlar mavjud?
— Shohjahonning ta’kidlashicha, eng asosiy farq manba va ijro mexanizmlarida. AQShda sud pretsedentlari asosiy yo‘naltiruvchi kuch bo‘lsa, O‘zbekistonda kodeks va qonunlar ustuvor. AQShda qonuniy zararlarga kompensatsiya mexanizmlari rivojlangan, O‘zbekistonda esa zararni qoplash bilan chegaralanadi.

Raqamli davrda O‘zbekiston qonunchiligi ham bosqichma-bosqich yangilanmoqda, ammo pretsedent huquqi yo‘qligi sababli AQSh amaliyoti bilan solishtirganda soddaroq ko‘rinadi.
— Nega tilni ham eshik, ham kalit sifatida tasvirlash mumkin?
— AQShga kelmoqchi bo‘lganlar avvalo ingliz tilini mukammal darajada o‘rganing. Til — ham eshik, ham kalit. Keyin maqsadingizni aniqlang: qaysi yo‘nalish va qaysi universitet sizga mos?
Personal statement va CV’ni aniq natijalar bilan to‘ldiring. Grant uchun hujjatlarni vaqtida topshiring. Reallikka ham tayyor bo‘ling: AQShda talabalarning moliyaviy ishlash imkoniyatlari cheklangan.