Yangiliklar

Sardor Rajabov Oliy ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi

Ta’lim sohasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi
Sardor Rajabov Oliy ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. Foto: «O‘zA»

Sardor Rajabov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.

U bunga qadar Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. Sardor Rajabov mehnat faoliyati davomida Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i, markaz direktori o‘rinbosari, shuningdek, Ta’lim sifatini baholash, litsenziyalash va akkreditatsiyalash departamenti rahbari lavozimlarida ishlagan.

Bundan tashqari, Azizbek Turdiyev Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. U avvalroq mazkur vazirlikda vazir maslahatchisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Foto: «O‘zA»

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori lavozimiga esa Baxtiyor Yo‘ldashev tayinlandi. U tayinlovga qadar «Yangi O‘zbekiston» universiteti prorektori bo‘lgan.

Foto: «O‘zA»

Avvalroq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari — birinchi o‘rinbosar Shoxruh Daliyev hamda o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov lavozimidan ozod etilgandi.

Shuningdek, prezident farmoni va qaroriga ko‘ra, prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adxam Xudaykulov boshqa ishga o‘tishi sababli hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev ham lavozimidan ozod qilindi.