Yangiliklar

Qozog‘iston prezidenti Sun’iy intellekt vazirligini tuzishni taklif qildi

Yangi vazirlik amaldagi tegishli organ negizida tuzilishi taklif etilmoqda
Искусственный интеллект
To‘qayev Sun’iy intellekt vazirligini tuzishni taklif qildi. Foto: BoliviaInteligente / Unsplash

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev xalqiga yo‘llagan murojaatida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi alohida vazirlik tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda «Aqorda» xabar berdi.

Davlat rahbari iqtisodiyotni modernizatsiya qilish keng ko‘lamli raqamli yechimlarni joriy etmasdan imkonsizligini qayd etdi. Bu yo‘nalishdagi birinchi qadam sifatida raqamli kodeksni qabul qilish belgilandi. U transformatsiyaning strategik yo‘nalishlarini aniqlab beradi — sun’iy intellektdan foydalanish, platforma iqtisodiyotini rivojlantirish, katta ma’lumotlar bilan ishlash va boshqa sohalar.

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, yangi texnologik bosqichga o‘tish uchun butun boshqaruv tizimini qayta tashkil etish talab etiladi. U yanada shaffof, samarali va fuqarolarga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.

Yangi vazirlik amaldagi tegishli organ negizida tuzilishi taklif etilmoqda. Prezidentning aytishicha, unga bosh vazir o‘rinbosari darajasidagi mutaxassis rahbarlik qilishi lozim.

Avvalroq O‘zbekistonda kelasi o‘quv yilidan boshlab yuqori sinflar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus darslar kiritilishi xabar qilingandi. Yangi fanlarni samarali o‘qitish uchun 2 mingta sinf xonasi kompyuterlar bilan jihozlanadi, 6,3 mingta interfaol doska o‘rnatiladi. Ushbu maqsadlar uchun zarur mablag‘lar keyingi yilgi davlat budjetida ko‘zda tutiladi.