Tunda faoliyat ko‘rsatadigan ko‘chalarda tezlik 20 km/soatgacha cheklanishi mumkin

O‘zbekistonda tun-u kun faoliyat ko‘rsatadigan ko‘chalarda avtomobillar tezligini 20 km/soatgacha cheklash rejalashtirilmoqda. Bu «Respublikada tungi iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, bunday ko‘chalar uzunligi 800 metrdan 2000 metrgacha bo‘ladi. Yangi tartibga ko‘ra, tun-u kun faoliyat yurituvchi hududlar viloyat va tuman markazlarida, aholisi 50 mingdan ortiq shaharlarda hamda turistlar tashrifi yuqori bo‘lgan joylarda tashkil etiladi.
Ko‘chalar tadbirkorlik subyektlari uchun noodatiy (juma, shanba va yakshanba kunlari 6:00 dan 6:00 gacha) va kengaytirilgan (har kuni 9:00 dan 3:00 gacha) ish rejimi bilan ta’minlanadi. Tadbirkorlar o‘z hududiga tutash joylarda soyabon, o‘tirish joylari kabi yengil qurilmalarni elektron auksion orqali ijaraga olishi mumkin bo‘ladi.
Xavfsizlikni ta’minlash uchun favqulodda xizmatlar uchun maxsus joylar ajratiladi, tez yordam va «xavfsizlik tugmalari» o‘rnatiladi. Shuningdek, wi-fi, bank-moliya xizmatlari, toza va obodonlashtirilgan muhit ham yo‘lga qo‘yiladi.
Avtotransport vositalari uchun belgilangan avtoturargohlar, jumladan, ko‘p qavatli parkovkalar tashkil etiladi. Muzey, galereya, kinoteatr, sport maydonchalari va fitnes klublarining ish vaqti uzaytiriladi.
Hududlarda tun-u kun faoliyat yuritadigan ko‘chalarni tashkil etish bo‘yicha nizom ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashiga yuklatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda tungi avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edi.