
Toshkent shahrida ayol o‘zining yetti yoshli qizini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda «Milliy» telekanali xabar berdi.
1991-yilda tug‘ilgan ushbu shaxs joriy yilning 8-sentabr kuni o‘zini noodatiy tutib, oshxonada turgan pichoq bilan 2018-yilda tug‘ilgan farzandiga jarohatlar yetkazgan. Qizaloq maktabga chiqqaniga endi bir hafta bo‘lgan. U olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.
Ayol bundan avval ruhiy asab kasalliklari shifoxonasida davolanib, 2-avgust kuni shifoxonadan chiqarilgan. Shu kundan boshlab u shahar ruhiy dispanserida hisobda bo‘lgan. Mutaxassislarning aytishiga ko‘ra, ayolning holati yaxshi bo‘lgan.
Bundan oldin u 2022-yilda ham qizini Toshkent hayvonot bog‘idagi ayiq qafasiga tashlagani uchun sud tomonidan qasddan odam o‘ldirishga urinishda aybdor deb topilib, majburiy davolanishga yuborilgandi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, gumonlanuvchiga nisbatan qasddan odam o‘ldirish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq 2024-yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgani haqida xabar berilgandi.
Raqamlarga ko‘ra, 2024-yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan. 2025-yilning dastlabki olti oyida esa 102 ta oliy ta’lim muassasasida 307 nafar talaba turli jinoyatlarga qo‘l urgan. Asosiy jinoyatlar yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik va firibgarlik bilan bog‘liq.