Yangiliklar

Yangi Toshkentda “Peterburg mavzesi” barpo etiladi

Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy kooperatsiya loyihalar kengaytiriladi
Yangi Toshkentda «Peterburg mavzesi» barpo etiladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev 10-sentyabr kuni Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Rossiya hamkorligini kengaytirish, iqtisodiy kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari muhokama qilindi. O‘tgan yilda hududlar o‘rtasidagi savdo hajmi 20 foizga oshgani qayd etildi.

Shuningdek, Toshkentda Ishbilarmonlik markazi faoliyati va Yangi Toshkentda «Peterburg mavzesi»ni barpo etish loyihasi haqida ma’lumot berildi. Bu safar delegatsiya bilan 23 ta yangi kooperatsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilindi.

Uchrashuvda xususiy tibbiyot, ta’lim, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, logistika va turizm kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

Madaniy aloqalarni kuchaytirish va qo‘shma tadbirlarni muntazam tashkil etish ham kelishuvlar qatoridan o‘rin oldi.

Shuningdek, tomonlar joriy yil oktyabrida ikki mamlakat hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishini samarali o‘tkazishga kelishib oldilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Tolstoy nomidagi Xalqaro Tinchlik mukofoti bilan taqdirlangani haqida yozgan edik.