
2025-yilning boshidan buyon transchegaraviy pul o‘tkazmalari $12,1 mlrdga yetdi, bu o‘tgan yilga nisabatan 23 foizga ko‘proq. Bu haqda Markaziy bankdagi yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Bunda aholining valyuta sotuvi va xaridi o‘rtasidagi tafovut yanvar – avgust oylarida $5,6 millardni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga oshdi.

«Yil boshidan jahonda dollarning boshqa valyutalarga nisbatan 9,10 foizga qadrsizlanishi kuzatildi. Ta’kidlashimiz lozimki, bu ichki valyuta bozorining infratuzilmasi takomillashtirilishi, bozorda faollik oshishi va almashuv kursining bir tomondan tashqi shoklar va noaniqliklarga moslashuvchanligini oshirdi. Almashinuv kursini tebranuvchanligi oshishi bizda milliy valyutaning qadrsizlanishi bo‘yicha doimiy kutilmalarni kamaytiradi», – deydi Markaziy bank raisi Timur Ishmetov.
2025-yilning aprel – iyun oylarida Oʻzbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan 21,4 foizga oshgandi. Shu vaqt davomida mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga $4,8 mlrd pul yuborildi.
Pul o‘tkazmalarining barqaror o‘sishi mehnat muhojirlari yashayotgan mamlakatlarda valyuta kurslarining barqarorlashuvi, ish haqining ko‘tarilishi va iqtisodiy faollikning yuqoriligi bilan bog‘liq.
Avvalroq Markaziy bank (MB) asosiy stavkani o‘zgartirmay, 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qilgandi.