
SAIC’ning IM Motors brendi tomonidan yangi IM LS6 avtomobili rasman taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
O‘rta-yirik kupe-SUV turkumidagi model EREV (gibrid) va BEV (to‘liq elektr) versiyalarda ishlab chiqariladi. Boshlang‘ich narxi 197,9 ming yuan ($27,5 ming) etib belgilangan. 10-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan premyeradan keyin atigi 27 daqiqada 10 mingdan ortiq mustahkam buyurtma olindi.

Dizayn
LS6 oldingi avlod uslubini saqlab qolgan, biroq T-shaklli yangi faralar va logotipning kapotga ko‘chirilishi bilan farqlanadi. Uning uzunligi 4937 mm, kengligi 1988 mm, balandligi 1673 mmga teng. G‘ildirak bazasi 2960 mmni tashkil etadi. Olti xil tashqi rangda taqdim qilinadi.
Salon
Ichki qismda haydovchi uchun suzuvchi ikki ekranli panel va yo‘lovchi uchun alohida displey mavjud. Haydovchi displeyi 5K, yo‘lovchi displeyi 3K aniqlikka ega. Shuningdek, Tesla Yoke uslubidagi yarim dumaloq yoki an’anaviy rul, ikki simsiz quvvatlash stansiyasi, ichki 11 litrli sovutgich va elektr panjara ham mavjud.

Texnologiyalar
LS6 Lingxi 2.0 raqamli shassi bilan jihozlangan bo‘lib, yangi Continental MKC2 elektron tormoz tizimi orqali 100 km/soatdan to‘xtash masofasi 33,6 metrni tashkil etadi. Shuningdek, 18° ikki yo‘nalishli to‘rt g‘ildirakli boshqaruv burilish radiusini 4,79 metrga qisqartiradi.
Avtopilot
Avtomobil 520-line Lidar sensori va Nvidia Thor chipi asosida ishlab chiqilgan «xaritaga bog‘liq bo‘lmagan NOA» avtopilot tizimi bilan ta’minlangan. U aylanma yo‘llarda navigatsiya, to‘xtash joyiga avtopark va avtomatlashtirilgan to‘lov yo‘laklaridan o‘tishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery Tiggo 8 Pro Luxury Edition+ taqdim etilgani haqida yozgan edi.