To‘qqiz nafar oʻzbekistonlik bokschi jahon chempionati medalini naqd qildi

11-sentabr 2025 16:17 eʼlon qilindi

Nasrullo Karimov

Nasrullo Karimov

boks
9 nafar oʻzbekistonlik bokschi jahon chempionati medalini naqd qilishdi / Foto: Olympic.uz

Angliyaning Liverpul shahri mezbonlik qilayotgan boks boʻyicha jahon chempionatida oʻzbekistonlik 9 nafar sportchi medalni naqd qildi. Bu haqda Milliy Olimpiya qoʻmitasi xabar bermoqda.

Ortda qolgan kun davomida Oʻzbekiston terma jamoasining 14 nafar aʼzosi yarim final yoʻllanmasi uchun ringga koʻtarildi. Ularning 8 nafari gʻalaba qozongan boʻlsa, qolgan 6 nafari magʻlubiyatga uchradi.

Jumladan, Javohir Ummataliyev Nurbek Oralbayni (Qozogʻiston), Toʻrabek Xabibullayev Sagʻindik Togʻambayni (Qozogʻiston), Abdumalik Halokov esa Bibers Jeksenni (Qozogʻiston) magʻlub etdi.

Shuningdek, Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev Yertig‘an Zeinulinovdan (Qozogʻiston), Fazliddin Erkinboyev Hamza Sirridan (Belgiya) va Jahongir Zokirov Omar Shihadan (Norvegiya) ustun keldi.

Turnirning kutilmagan natijasi Mirazizbek Mirzahalilov va Tady Joyse o‘rtasidagi jangda kuzatildi. Unda Oʻzbekiston vakili iorlandiyalik bokschiga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Shuningdek, Shavkatjon Boltayev ham iordaniyalik Zeyad Eashashga magʻlub boʻldi.

Ayollar oʻrtasidagi bahslarda esa Aziza Zokirova germaniyalik Leoniye Muyellerni, Feruza Kazakova moʻgʻilistonlik Mungursaranni mag’lub etdi, Navbahor Hamidova ham angliyalik Sacha Hikkey ustidan gʻalaba qozondi.

Nigina Oʻktamova esa kutilmaganda Yoselina Perezga (AQSh) imkoniyatni boy berib qoʻydi. Bundan tashqari, Sitora Turdibekova Viktoriya Grafeyevaga (Qozogʻiston), Oltinoy Sotimboyeva Nupurga (Hindiston), Xumorabonu Mamajonova esa Jasminga (Hindiston) magʻlub boʻldi.

Taʼkidlash joizki, oʻzbekistonlik bokschilar chorak finalga qadar magʻlubiyatsiz seriya qayd etib kelayotgandi. Ushbu bosqichda bu seriyaga yakun yasaldi.

Maʼlumot uchun, bugun, 11-sentabr kuni musobaqada dam olish kuni hisoblanadi. Yarim final bahslari 12-sentabrdan boshlanadi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq boks afsonalari Mayk Tayson va Floyd Meyvezer 2026-yilning boshida koʻrgazmali jang oʻtkazishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek