Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yili ma’lum bo‘ldi

eʼlon qilindi
Oxirgi umummilliy ro‘yxatga olish 1989-yilda o‘tkazilgan
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yili ma’lum bo‘ldi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarini samarali tashkil etishga oid takliflar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ro‘yxatga olish orqali aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holati, yashash darajasi hamda qishloq xo‘jaligi resurslari haqida aniq ma’lumotlar olinadi.

Yurtimizda oxirgi umummilliy ro‘yxatga olish 1989-yilda o‘tkazilgan. So‘nggi yillarda sinov tariqasida 2021-yilda aholi, 2022-yilda esa qishloq xo‘jaligi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar esa to‘laqonli ro‘yxatga olish tadbirlari boshlanadi: dastlabki 17 kun internet orqali, keyingi bir oy «mahalla yettiligi» ishtirokida uyma-uy amalga oshiriladi.

Yangi usul xarajatlarni sezilarli qisqartiradi, savollar soni 328 tadan 71 taga kamaytiriladi. Ro‘yxat natijasida 38 mln aholining yashash, oilaviy va daromad holati, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish, chorva va parranda soni bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Tadbirlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun «mahalla yettiligi» maxsus tayyorlanadi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu ro‘yxatga olish mamlakatda davlat dasturlarini samarali amalga oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada 2025-yilgi aholini ro‘yxatga olish jarayoni o‘zbek tilida ham o‘tkazilgani haqida yozgan edik.

Shuningdek