
Inflyasion kutilmalarni inobatga olganda depozitlarning real foiz stavkalari aholida 7,6 foizga va yuridik shaxslarda 4,3 foizga teng bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bankdagi yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
2025-yil iyul oyida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 21,4 foizni, yuridik shaxslarning depozitlari bo‘yicha esa 16,9 foizni tashkil etgan.
Regulyatorga ko‘ra, joriy yil boshidan milliy valyutadagi jami depozitlar qoldig‘i 20 foizga oshib, 1-sentabr holatiga 200 trln so‘mni tashkil etdi. Bunda aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari qoldig‘i yil boshiga nisbatan 25 foizga oshib, 67 trln so‘mga yetdi.

Avgust oyida umumiy inflyatsiya iyulga nisbatan biroz pasayib, yillik hisobda 8,8 foizni tashkil etdi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishining sekinlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiya 7,6 foizgacha pasaydi.
Shu bilan birga, yalpi talabning yuqori darajada saqlanishi sharoitida energiya narxlari oshishining ikkilamchi taʼsirlari xizmatlar inflyatsiyasining yuqori shakllanishida namoyon boʻlmoqda.
Soʻnggi oylarda mavsumiy omillar hamda almashuv kursining barqarorlashuvi hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarida pasayish tendensiyasi kuzatilgan boʻlsa-da, mazkur kutilmalar umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori boʻlib qolmoqda.
Yil yakunida inflyatsiya 8,7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Narxlarga bosim kutilganidan kuchliroq bo‘lsa, asosiy stavka bo‘yicha qaror qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, shu yilning avgust oyida Oʻzbekiston aholisining inflyatsion kutilmalari oʻtgan oyga nisbatan 0,7 foiz bandga pasayib, 12,2 foizni tashkil etgandi.