Markaziy bank: Banklarning agressiv marketingi va qarz yukini oshiruvchi faoliyatiga cheklovlar kuchaytiriladi

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov kredit foiz stavkalari nega pasaymayotgani bo‘yicha izoh berdi. Unga ko‘ra, foizlarni tushirish hozircha imkonsiz, chunki bu inflyatsiya darajasi va aholining inflyatsion kutilmalari bilan bog‘liq.
Ishmetovning ta’kidlashicha, Markaziy bankning asosiy vazifasi narxlar barqarorligini ta’minlab, inflyatsiyani maqsadli ko‘rsatkichgacha tushirishdir. Shundan keyingina kredit va depozit stavkalari ham pasayishi mumkin.
Shuningdek, u direktiv kreditlarning bozordagi ulushi kamayib borayotganini qayd etdi.
«Qanchalik imtiyozli kreditlar ulushi yuqori bo‘lsa, albatta, bozordagi foiz stavka oshishiga o‘zini ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Shuning uchun bu yo‘nalishda direktiv kreditlashni pasaytirish siyosati yillar davomida amalga oshirilyapti. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha hisob kitoblarga ko‘ra, umuman kredit portfelida direktiv kreditlarni ulushi 5-6 yil oldingi 60 foizdan hozir 30 foizga tushdi. Ya’ni pasayish ro‘y berdi. Biz shu pasayish tendensiyasini davom ettirishimiz kerak», — deydi Ishmetov.
Bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ayrim banklarning yuqori foizli mikroqarzlarga tayanishi ham bozordagi depozit stavkalarini oshirgan. Shu sababli Markaziy bank aholining ortiqcha qarzga botishining oldini olish uchun yangi tartiblarni joriy etmoqda.
«Aholi qarz yuki oshmasligi uchun banklar agressiv marketing yo‘llari va boshqa yo‘llar bilan aholini yuqori darajadagi qarzga olib keladigan faoliyatini cheklash uchun biz me’yorlarni qat’iylashtiryapmiz. Yil oxirigacha yana bir qator me’yorlarni e’lon qilamiz», — deydi Markaziy bank raisi.
Avvalroq «Banklarga o‘rnatiladigan makroprudensial normativlar hamda ular tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha to‘lovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablar to‘g‘risida»gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.
Unga ko‘ra mazkur hujjat banklar, jumladan mikromoliya banklari tomonidan jismoniy shaxslarga beriladigan kreditlar yuzasidan amal qilinishi lozim bo‘lgan normativ va cheklovlarni belgilaydi. Yangi tartibga muvofiq, banklar mijozga kredit berganida, uning qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foizdan oshmasligi lozim. Shuningdek, kredit bo‘yicha foizlar va boshqa to‘lovlar yig‘indisi asosiy qarzga nisbatan kunlik 0,25 foizdan oshmasligi kerak.