Avto

Chery kompaniyasining iCar V27 EREV modeli taqdim etiladi

Model retro uslubdagi dizaynga ega
iCar V27 EREV
Chery kompaniyasining iCar V27 EREV modeli taqdim etiladi / Foto: iCar

Chery kompaniyasining iCar V27 EREV avtomobili Xitoy sanoat va savdo vazirligi ro‘yxatidan o‘tdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Model retro uslubdagi dizaynga ega bo‘lib, uzunligi 5 metrdan oshadi va taqdimotdan keyin iCar brendidagi eng yirik avtomobilga aylanadi. Sotuvlar joriy yilning to‘rtinchi choragida boshlanishi kutilmoqda.

Foto: iCar

Avtomobilning old qismi kvadrat shaklda ishlangan, dumaloq faralar, markazda iCAR logotipi va pastki qismida qalin qora bamper joylashgan. Yon tomonda esa C-ustun orqasida «V27» yozuvi modelning o‘ziga xosligini ko‘rsatadi.

Modelning uzunligi 5055 (4909) mm, kengligi 1976 mm, balandligi 1855 – 1894 mmga teng. G‘ildirak bazasi 2910 mmni tashkil etadi. Disklar 19 va 21 dyuymli variantlarda taklif etiladi. Shinalar mos ravishda 255/55R19 va 265/45R21. Mashina sakkiz xil og‘irlik konfiguratsiyasida (2084 – 2335 kg) taqdim etiladi.

Foto: iCar

Orqa qismi ikki ko‘rinishda bo‘ladi: ehtiyot g‘ildirak yoki konteyner bilan. Shuningdek, tortish moslamasi ham ixtiyoriy qo‘shiladi.

1,5 litrli turbo benzinli dvigatel (115 kVt/154 ot kuchi) generator sifatida ishlaydi, unga elektromotor va LFP akkumulyator bloki ulanadi. Yonilg‘i sarfi WLTC siklida 1,33 l/100 km, maksimal tezligi esa 180 km/soat.

Foto: iCar

Batareya sig‘imi va elektr yurish masofasi keyinroq oshkor qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery Tiggo 8 Pro Luxury Edition+ taqdim etilgani haqida yozgan edi.