Yangiliklar

Huquqiy axborot yetkazishning yangi tartibi joriy etiladi

«Raqamli mahalla» tizimida ham
Huquqiy axborot yetkazishning yangi tartibi joriy etiladi / Foto: Innovacion Digital 360

Prezident «Huquqiy axborotni proaktiv shaklda yetkazish tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Farmonga ko‘ra, aholiga huquqiy axborot yetkazishda sun’iy intellekt asosida innovatsion yondashuvlar qo‘llaniladi hamda ma’lumotlar ehtiyojdan kelib chiqib manzilli tarzda yuboriladi.

Lex.uz portali Soliq organlarining elektron xizmatlari va my.gov.uz bilan integratsiya qilinadi. Tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning shaxsiy kabinetiga ular faoliyatiga oid yangi normativ-hujjatlar, my.gov.uz foydalanuvchilariga esa kundalik hayotda zarur bo‘lgan qonun hujjatlari havolalari yuboriladi.

2026-yil 1-martdan boshlab normativ-hujjatlar matnlarini ijrochilarga yetkazish va tushuntirish jarayonlari «Ijro.gov.uz» hamda «Raqamli mahalla» tizimlari orqali nazorat qilinadi.

Endilikda huquqiy targ‘ibot ishlari soha bo‘yicha mas’ul davlat organlari zimmasiga yuklatiladi, Adliya vazirligi esa ularning faoliyatini yagona elektron kartoteka orqali nazorat qiladi. Shu bilan birga, internet va ijtimoiy tarmoqlarda huquqiy axborotni keng yoyish maqsadida «Adliya TV» sahifasi ishga tushiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat rahbari adliya tizimida davlat xizmatlarini kengaytirish va soddalashtirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishgan edi.