Yangiliklar

Endi paxta va don elektron hisob orqali qabul qilinadi

«Agrotarozi», «Hosil qabuli» va «AgroDocs» kabi axborot tizimlari orqali
Paxta
Endi paxta va don elektron hisob orqali qabul qilinadi / Foto: Trisha Downing / Unsplash

Hukumat qarori bilan paxta va donni qabul qilish hamda ularning elektron hisobini yuritish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, endilikda bu jarayon Qishloq xo‘jaligi vazirligining «Agrotarozi», «Hosil qabuli» va «AgroDocs» axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Foydalanuvchilar internet orqali ro‘yxatdan o‘tib, «Agrotarozi» va «Hosil qabuli» tizimlaridan foydalanishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tganda ular elektron shaklda shartnoma imzolashadi.

Mahsulotlar faqatgina tovar-transport yuk xati asosida qabul qilinadi. Bunda faqat bir xil sifat ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan paxta va don topshirilishi mumkin.

Xususan, bir xil seleksiya, sanoat navi, sinfi, avlodi va dala guruhiga oid urug‘lik paxta hamda don yagona hujjat asosida topshiriladi. Qabul jarayoni har kuni soat 24:00 da yakunlanadi va kunlik hisob-kitoblar faqatgina fizik vazn asosida yuritiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi paxta terimi narxlari bo‘yicha bayonot bergan edi.