
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakatning yangi bosh vaziri etib Sebastyan Lekornyuni tayinladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Lekornyu Makronning yaqin ittifoqchisi bo‘lib, biznesni qo‘llab-quvvatlovchi siyosiy pozitsiyaga ega. Bu tayinlov prezidentning soliqlarni kamaytirish va nafaqa yoshini oshirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni davom ettirish niyatidan dalolat beradi.
Makron yangi bosh vazirga budjet va davlat siyosatiga oid masalalarda siyosiy kuchlar bilan muzokaralar olib borib, kelishuvlarga erishish vazifasini topshirgan.
Sebastyan Lekornyu ilgari Fransiya mudofaa vaziri bo‘lib ishlagan. U xavfsizlik xarajatlarini oshirish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash strategiyasini ishlab chiqishda faol qatnashgan.
Avvalroq Fransiya parlamenti bosh vazir Fransua Bayruni unga qarshi 364 deputat ovozi bilan iste’foga chiqargandi. Bayru ilgari surgan 44 mlrd yevrolik tejamkorlik rejasi parlamentda qattiq norozilik uyg‘otgan edi.
Mamlakatda siyosiy beqarorlik ortar ekan, iqtisodiy bosim kuchaymoqda. Fransiya obligatsiyalari rentabelligi keskin ko‘tarildi, reyting pasayishi esa qo‘shimcha xavf tug‘dirmoqda. So‘lchilar xalqni norozilikka chorlamoqda.