
Geely kompaniyasi tomonidan yangi Galaxy V900 miniveni taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Ushbu model ilgari chiqarilgan to‘liq elektr LEVC L380’ning gibrid (EREV) versiyasi bo‘lib, 8 o‘rindiqli MPV 202 km gacha sof elektr rejimida harakatlana oladi.
Geely 2024-yil iyulda LEVC L380 elektr minivenini taqdim etgan edi. Ammo u Xitoy bozorida muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Model 2024-yil sentabrdan 2025-yil fevraligacha atigi 1685 dona sotilgan. 2025-yil mart oyida kompaniya ushbu modelni Geely Galaxy brendi ostida qayta taqdim etdi va narxini 79,900 yuan ($11,220) ga tushirdi. Endi esa kompaniya EREV versiyasini yangi Galaxy V900 nomi bilan chiqarishga tayyorlanmoqda.

Galaxy V900 dizayni elektr L380’ga o‘xshash bo‘lib, kuzovda LEVC logotiplari ham saqlangan. Old qismda katta panjara, integratsiyalashgan faralar va yuqorida joylashgan LiDAR sensori mavjud. Yon tomondan esa qora ustunlar, suriladigan eshiklar va tekis tom ko‘zga tashlanadi. U 5360×1998×1940 mm o‘lchamga ega. G‘ildiraklari 18 yoki 20 dyuymli.

Asosiy konfiguratsiya 2+2+2 bo‘lib, qo‘shimcha variantda 2+2+2+2 sxema ham taklif etiladi. 6 o‘rinli model yukxonasi 919 mm chuqurlikka ega. 8 o‘rinli variant esa 347 mmga teng. Orqa qator to‘liq buklanib, tekis pol hosil qiladi. Avtomobilning og‘irligi joylashuvga qarab 2910 – 3030 kg oralig‘ida. Uning umumiy og‘irligi esa 3660 kg gacha.
Galaxy V900 1,5 litrli turbo dvigatel (BHE15-CFZ) bilan jihozlangan. U 120 kVt (161 ot kuchi) quvvat ishlab chiqaradi. Elektr motorlari haqida hozircha ma’lumot berilmagan. Maksimal tezlik 190 km/soat.

Bazaviy versiya CALB ishlab chiqargan 43,3 kVt/soat NMC batareyaga ega bo‘lib, 165 – 172 km elektr masofa taqdim etadi. Yuqori toifadagi versiya esa CATL’ning 50 kVt/soat NMC batareyasi bilan 195 – 202 km elektr masofaga chiqadi. Batareya tugagach, yoqilg‘i sarfi 7-7,2 l/100 km ni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 16 ming dollarlik Geely Preface 2026 taqdim etilgani haqida yozgan edi.