Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam beriladi

2025-2026-yilgi isitish mavsumida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida noyabr oyida 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Dastlab yordam Ijtimoiy himoya yagona reyestri orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam olayotgan oilalar hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan xonadonlarga beriladi. Shuningdek, «mahalla yettiligi» tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatdagi ehtiyojmandlarga ham to‘lanadi.
Qo‘shimcha ro‘yxatga kiritishda birinchi navbatda boquvchisini yo‘qotgan oilalar, nogironligi bo‘lgan a’zosi bor xonadonlar, nogiron bolani parvarishlayotgan oilalar, gaz ta’minoti va markaziy isitish tizimisiz yashayotgan ko‘p qavatli uylar aholisi, bir xonadonda 3 va undan ortiq oila birga yashayotgan xonadonlar hamda og‘ir kasallikka chalingan shaxslar mavjud oilalar inobatga olinadi. Shuningdek, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ham ushbu yordamni olish imkoniga ega.
Shuningdek, ehtiyojmand oilalar 25-sentabrga qadar yashab turgan hududidagi «mahalla yettiligi»ga murojaat qilib ro‘yxatga kirishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ayrim ehtiyojmand oilalarga har oy moddiy yordam berilishi haqida yozgandi.