Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Bugun, 11-sentabr kuni Markaziy bank (MB) asosiy stavkani o‘zgartirmay, 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Joriy yilning ikkinchi choragida shakllangan iqtisodiy faollik va iste’mol talabi yuqori sur’atlarining narxlarga oshiruvchi ta’sirlari davom etdi. Shu bilan birga, oʻtgan yilgi baza ta’sirlari chiqib ketishi hisobiga avgust oyidan inflyatsiya pasaya boshladi. Boshqaruv inflyatsion jarayonlarning sekinlashishi va bazaviy inflyatsiyani pasayuvchi trayektoriyasida davom etishini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani oʻzgarishsiz – 14 foiz darajasida saqlab qoldi», deyiladi xabarda.
Avgust oyida umumiy inflyatsiya yillik 8,8 foizni tashkil etdi. Bazaviy inflyatsiya esa oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining sekinlashishi sabab 7,6 foizgacha pasaydi.
Biroq xizmatlar sohasida narxlarning yuqori sur’atlarda o‘sishi davom etmoqda. Shuningdek, energiya narxlari oshishi ham bosimni kuchaytirishi mumkin.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida iqtisodiy o‘sish 7,2 foizni tashkil etdi. Bunga xizmatlar sohasi bilan birga sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligidagi o‘sish ham ta’sir qilgan.
Yil yakunida inflyatsiya 8,7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Narxlarga bosim kutilganidan kuchliroq bo‘lsa, asosiy stavka bo‘yicha qaror qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Keyingi yig‘ilish 2025-yil 23-oktabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq regulyator 12-iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ham asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qilgandi.