Oliy ta’limda malaka oshirish uchun yangi platforma ishga tushirildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy ta’lim rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish jarayonini takomillashtirish hamda raqamlashtirish maqsadida my.bimm.uz platformasini ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Mazkur platforma masofaviy kurslar va elektron portfolio tizimlari asosida yaratilgan yagona raqamli ekotizim bo‘lib, hozircha sinov rejimida faoliyat yuritmoqda.
Xavfsizlikni kuchaytirish va imkoniyatlarni kengaytirish uchun platforma OneID – yagona identifikatsiya tizimi va HEMIS – oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish tizimi bilan integratsiya qilingan.
Foydalanuvchilar uchun maxsus videoqo‘llanma ham tayyorlangan bo‘lib, unda platformaga kirish, shaxsiy kabinetdan foydalanish va elektron portfolioni yuritish bosqichma-bosqich tushuntirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijdagi maktabdan o‘quvchilarni ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmati ishga tushirilgan edi.