
Shu yilning oktabridan boshlab Ozarbayjonda avtomashinalarni sug‘urtalash tartibida yangi qoidalar kuchga kiradi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xalqaro yuk tashuvlari bilan shug‘ullanuvchi milliy tashuvchilarni ogohlantirdi.
Ozarbayjon tomoni ma’lumotiga ko‘ra, endilikda mamlakat hududidan tashqarida ro‘yxatdan o‘tgan va «Yashil karta» xalqaro avtosug‘urta sertifikatiga ega bo‘lmagan transport vositalari uchun chegara punktlarida sug‘urta shartnomasini joyida rasmiylashtirish imkoniyati bekor qilinadi.
Polis faqat yagona raqamli tizim — www.tpl.az platformasi orqali oldindan tuzilgan shartnoma asosida rasmiylashtiriladi.
Transport vazirligi xalqaro tashuvchilarga chegarada navbat va kechikishlarning oldini olish uchun sug‘urta hujjatlarini sayohatga chiqishdan oldin onlayn tarzda rasmiylashtirishni tavsiya qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Tajen — Dovut-ota» chegara punktidagi cheklovlar yil oxirigacha uzaytirilgani haqida yozgandi.