O‘zbekiston to‘lovlarda steyblkoinlardan foydalanishni rejalashtirmoqda

Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish masalalariga doir yig‘ilishda O‘zbekistonda hisob-kitoblarda to‘lov vositasi sifatida steyblkoinlarni sinab ko‘rish topshirildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak «O‘zbekiston24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Prezident yig‘ilishda ILMAga Markaziy bank bilan hamkorlikda hisob-kitoblarda to‘lov vositasi sifatida steyblkoinlardan foydalanish amaliyotini sinab ko‘rish hamda kapital bozorida qimmatli qog‘ozlarni tokenizatsiya qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish vazifasini topshirdi», dedi Pak intervyuda.
Ma’lumot uchun, steyblkoin bu kursi barqaror aktivning qiymatiga bog‘langan kriptovalyuta turi hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Vyacheslav Pak kapital bozori ishtirokchilarini normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik muhokamasida faolroq ishtirok etishga chaqirgani haqida yozgandi.