Yangiliklar

O‘zbekistonda dorilarni elektron retsept orqali yozish tartibi joriy qilindi

Barcha ma’lumotlar «Elektron retsept» moduliga yuboriladi
Foto: Dori-darmon.uz

Endi retsept asosida beriladigan dorilar elektron shaklda tayinlanadi. Bu haqda hukumat qarori bilan tayyorlangan nizom tasdiqlandi.

Yangi tartibga ko‘ra, faqat O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalari elektron retsept orqali yozilishi mumkin. Shifokorlar bemor ma’lumotlarini tibbiy axborot tizimiga kiritadi va ular avtomatik tarzda «Elektron tibbiy karta» moduliga uzatiladi. Bemor uchun dori aynan shu tizim orqali rasmiylashtiriladi.

Shifokor tomonidan elektron imzo orqali tasdiqlangan retseptga QR-kod avtomatik qo‘yiladi. Barcha ma’lumotlar «Elektron retsept» moduliga yuboriladi va bemorning elektron tibbiy kartasida qayd etilib boradi.

Yangi tizim shifokorlarga nafaqat retsept yozish, balki o‘zlari tayinlagan dorilarning chakana savdoda qanday harakatlanayotganini kuzatib borish imkonini beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan notariat tizimida yangi tartib va qulayliklar joriy etilgani haqida yozgandi.